Qozogʻistonlik biznes vakillari TEXNOPARK ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 4–6-avgust kunlari Qozogʻistonning “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahridagi “TEXNOPARK” MCHJga tashrif buyurdi.
103,3 gektar maydonda joylashgan sanoat majmuasida umumiy qiymati 465 million AQSH dollariga teng 17 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan. Korxonada 6 500 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlib, 100 dan ortiq turdagi elektrotexnika va boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Delegatsiyaga korxonaning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, innovatsion texnologiyalar hamda mahalliylashtirish va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish salohiyati namoyish etildi.
Tashrif Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi sanoat hamkorligini yanada rivojlantirish hamda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim imkoniyat yaratdi.