Parlament a'zolari Pokiston bilan kelishuvni ratifikatsiya qilishni ma'qulladilar
Parlament a'zolari Pokiston bilan kelishuvni ratifikatsiya qilishni ma'qulladilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risida Bitimni (Islomobod, 2026-yil 5-fevral) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur Bitim muqaddima va 25 ta moddadan iborat bo‘lib, jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan chet el fuqarolariga tayinlangan jazoni o‘z fuqarosi bo‘lgan davlatda o‘tash imkoniyatini yaratadi. Bu esa mahkumlarning ijtimoiy reabilitatsiya qilinishi va qayta tarbiyalanishiga ko‘maklashadi.
Bitimga muvofiq, bir davlat hududida sudlangan va boshqa tomonning fuqarosi bo‘lgan mahkum, belgilangan shartlar asosida jazoning qolgan qismini o‘z mamlakatida o‘tash uchun o‘tkazilishi mumkin.
Bunda hukmni ijro etuvchi davlat mahkumning ahvolini og‘irlashtirmagan holda jazoning qolgan qismini ijro etishni ta’minlaydi. Mahkumni topshirish hukm chiqargan davlat sudining qonuniy kuchga kirgan qarori asosida amalga oshiriladi. Hukmni ijro etuvchi davlat esa mazkur hukmga muvofiq mahkumning jazoning qolgan qismini o‘z hududida o‘tashini ta’minlaydi.
Bitimga ko‘ra, mahkum hukmni ijro etuvchi davlatga topshirilgandan keyingi barcha xarajatlar ushbu davlat tomonidan qoplanadi. Agar mahkum tranzit orqali olib o‘tilsa, bu bilan bog‘liq xarajatlar tranzit amalga oshirilayotgan davlat zimmasiga yuklatiladi.
Shuningdek, Bitimda mahkumni topshirishni rad etish asoslari, hukmni qayta ko‘rib chiqish, avf va amnistiya qo‘llash, jazoni yengillashtirish yoki jazodan ozod etish tartibi, mahkumni topshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, nizolarni hal etish, tomonlar o‘rtasidagi rasmiy aloqa tillari, Bitimga o‘zgartirish kiritish hamda uning kuchga kirishi, amal qilishi va bekor qilinishiga oid qoidalar belgilab qo‘yilgan.
Majlisda ushbu Bitimning ratifikatsiya qilinishi mahkumlarni topshirish sohasida ikki davlat o‘rtasidagi huquqiy asoslarni mustahkamlashga, mahkumlarning o‘z davlatida jazo o‘tashi orqali ularning ijtimoiy reabilitatsiyasini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.