O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston xususiylashtirish va kapital bozorini muhokama qildi

UzDaily · 16.06.2026 · 12:10 · 34 views
Oʻzbekiston xususiylashtirish va kapital bozorini muhokama qildi

Oʻzbekiston xususiylashtirish va kapital bozorini muhokama qildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15-iyun kuni “STJ Advisors” va “ScholzvonGleich” (SVG) kompaniyalari vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda STJ Advisors kompaniyasi hammuassisi va Direktorlar kengashi raisi o‘rinbosari Devid Jennison, “ScholzvonGleich” kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Stefan Shols, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

“STJ Advisors” xalqaro kapital bozorlari, IPO va strategik moliyaviy maslahat yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi mustaqil maslahat kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya korporativ mijozlar va investorlarga kapital bozorlariga chiqish, joylashtirish jarayonlari va investitsion pozitsiyalash bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi.

“ScholzvonGleich” — Markaziy Osiyo bozorlariga ixtisoslashgan mustaqil investitsiya banki bo‘lib, biznes, aksiyadorlar, hukumatlar va investorlar uchun moliyaviy maslahat xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniya strategik moliyalashtirish, kapital jalb qilish va investitsion bitimlar bo‘yicha maslahat yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.

Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, ularni bozor tamoyillari asosida samarali boshqarish hamda kapital bozoriga bosqichma-bosqich olib chiqish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi — UzNIF doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi. 

Xususan, xalqaro investorlar bilan muloqotni kengaytirish, davlat aktivlarini xususiy kapital ishtirokida rivojlantirish va ilg‘or korporativ boshqaruv amaliyotlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, davlat aktivlarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar xalqaro investorlar qiziqishini sezilarli darajada kuchaytirmoqda.

Mamlakatda shakllangan barqaror makroiqtisodiy muhit, izchil iqtisodiy o‘sish tendensiyalari, investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar va kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar O‘zbekistonni xalqaro moliyaviy institutlar va yirik kapital bozori ishtirokchilari uchun istiqbolli hamkor sifatida namoyon etmoqda. 

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda yuqoridagi yo‘nalishlarda fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.

UzDaily · 👁 34 views · 16.06.2026 · 12:10