O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Vengriya soliq sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

UzDaily · 17.06.2026 · 09:10 · 29 views
Oʻzbekiston va Vengriya soliq sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Vengriya soliq sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Budapesht shahrida IOTAning 30-yillik Bosh assambleyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi vakillari hamda Vengriya Milliy soliq va bojxona maʼmuriyati (NTCA) rahbariyati oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muzokaralarda Vengriya tomonidan NTCA raisi vazifasini bajaruvchi Chilla Tamash Sinege hamda bojxona masalalari va xalqaro hamkorlik boʻyicha rais oʻrinbosari Kristof Peter Bakai ishtirok etdi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Soliq maʼmuriyatlari xalqaro tashkiloti (IOTA) doirasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Vengriya tomoni Oʻzbekistonning xalqaro soliq hamjamiyatiga integratsiyalashuvni chuqurlashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirib, soliq maʼmurchiligini modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha tajriba almashishni davom ettirishga tayyorligini ta'kidladi.

Uchrashuvda soliq organlarini raqamli transformatsiya qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. NTCA vakillari onlayn hisobvaraq-fakturalar tizimini joriy etish, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha deklaratsiyalarni oldindan toʻldirish mexanizmi (eÁFA), shuningdek, xavfni tahlil qilish va soliq nazorati samaradorligini oshirish jarayonlarida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha Vengriya tajribasini taqdim etdilar.

Oʻzbekiston delegatsiyasi esa mamlakatimizda soliq maʼmurchiligini yanada raqamlashtirish, xavfni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda xalqaro ilgʻor tajribalar asosida soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro munosabatlarning zamonaviy servis modelini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.

Uchrashuv yakunida soliq jarayonlarini raqamlashtirish sohasida ekspertlik hamkorligini faollashtirish, ikki mamlakat mutaxassislari oʻrtasida mavzuli maslahatlashuvlar tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston vakillarining Budapesht shahridagi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Koʻp tomonlama soliq markazi taʼlim dasturlarida ishtirokini kengaytirish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv tomonlarning professional muloqotni mustahkamlash, soliq maʼmurchiligi samaradorligini oshirish hamda zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

UzDaily · 👁 29 views · 17.06.2026 · 09:10