O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Todua Clinic oʻrtasida memorandum imzolandi

UzDaily tahririyati · 03.07.2026 · 11:25 · 30 views
Oʻzbekiston va Todua Clinic oʻrtasida memorandum imzolandi

Oʻzbekiston va Todua Clinic oʻrtasida memorandum imzolandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Gruziyaning onkologiya va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar sohasidagi yetakchi ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalaridan biri - «Todua Clinic» rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda klinik tadqiqotlar ekotizimini rivojlantirish, xalqaro klinik tadqiqotlarni keng jalb etish, onkologiya sohasida zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, klinik tadqiqotlarni tashkil etish va boshqarish, GCP xalqaro standartlarini amaliyotga tatbiq etish, ilmiy tadqiqot markazlari salohiyatini oshirish, shifokorlar, klinik tadqiqotchilar va farmatsevtlar uchun qo‘shma taʼlim dasturlari, malaka oshirish kurslari, stajirovkalar hamda ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda «Todua Clinic» o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat O‘zbekistonda, ayniqsa onkologiya sohasida klinik tadqiqotlar salohiyatini yuksaltirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.