O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

UzDaily · 16.06.2026 · 22:19 · 32 views
Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Serbiya Respublikasi Xalq yigʻilishining “Serbiya – Oʻzbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi Aleksandr Markovich bilan uchrashdi.

Suhbat chogʻida ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar tufayli Oʻzbekiston va Serbiya hamkorligi izchil mustahkamlanayotgani, parlamentlararo muloqot esa uni rivojlantirishning muhim omillaridan biriga aylanib borayotgani taʼkidlandi.

Keyingi yillarda parlamentlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik sezilarli darajada faollashgan. Ikki tomonlama asosda ham, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida ham muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Senat Raisi boshchiligida parlament delegatsiyasining iyun oyi boshida Serbiyaga rasmiy tashrifi yakunlariga alohida eʼtibor qaratilib, uning davomida Serbiya Respublikasi Prezidenti, Xalq yigʻilishi Raisi va Bosh vazir oʻrinbosari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Serbiya Respublikasi Xalq yigʻilishi oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik toʻgʻrisida imzolangan Anglashuv memorandumi ikki mamlakat parlament aʼzolarining oʻzaro hamkorligini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratgani qayd etildi. Ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashning samarali mexanizmi sifatida parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatining ahamiyati taʼkidlab oʻtildi. Ularning oʻzaro hamkorligining alohida “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqildi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ularni qonunchilik yoʻli bilan taʼminlash boʻyicha parlamentlar harakatlarini yanada muvofiqlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Suhbat chogʻida jamoatchilik boshqaruvi hamda davlatning aholi bilan oʻzaro hamkorligi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekistonning mahalla institutini rivojlantirish borasidagi tajribasi yuqori baholanib, uning ijtimoiy masalalarni hal etish, aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash va joylarda jamoatchilik muloqotini mustahkamlashdagi muhim roli qayd etildi.

Tomonlar xalqaro parlament tashkilotlari doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanligini tasdiqlab, yoshlar parlamenti va parlament diplomatiyasi yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi. Shu munosabat bilan Serbiya parlamenti aʼzolariga 2026-yil 4-6-sentabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkaziladigan Parlamentlararo ittifoq yosh parlament aʼzolarining 12-Global konferensiyasida ishtirok etish taklif etildi.

UzDaily · 👁 32 views · 16.06.2026 · 22:19