O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston sanoat hamkorligini kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 12:10 · 23 views
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston sanoat hamkorligini kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston sanoat hamkorligini kengaytirmoqda / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 28-iyul kuni Bishkek shahrida “Qirg‘iziston – O‘zbekiston: sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar va savdo” mavzusidagi O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiya agentligi direktori Ravshanbek Sabirov, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Qirg‘iz Respublikasi iqtisodiyot va tijorat vaziri Bakyt Sydykov ishtirok etdi. Forum ishida, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, taraqqiyot institutlari hamda yetakchi kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.

Forum O‘zbekistondan 115 nafar, Qirg‘izistondan esa 95 nafar biznes vakillarini birlashtirdi. Ishtirokchilarning keng tarmoq qamrovi davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda sanoat kooperatsiyasining yangi yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish imkonini berdi.

Ta’kidlanganidek, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va strategik qarashlari tufayli O‘zbekiston–Qirg‘iziston hamkorligi misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi.

Forumning asosiy mavzularidan biri o‘zaro savdo bo‘ldi. So‘nggi o‘n yil davomida tovar ayirboshlash hajmi yetti baravardan ko‘proq oshib, 1,2 milliard AQSH dollariga yetdi. Joriy yilning yanvar–iyun oylarida esa ushbu ko‘rsatkich yana 1,5 baravar o‘sib, 625 million AQSH dollarini tashkil etdi. Ushbu sur’at saqlanib qolsa, kelgusi yilning o‘zidayoq o‘zaro savdo hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadiga erishish mumkin.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi natijalarini ham ko‘rib chiqdilar. Hozirgi kunda ikki mamlakatda o‘zaro kapital ishtirokidagi 450 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘shma loyihalar avtomobilsozlik, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda amalga oshirilmoqda. Ularni qo‘llab-quvvatlashning muhim mexanizmlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi ko‘magida transport va logistika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, energetika hamda moliya sohalarida 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida agrosanoat kooperatsiyasi, to‘qimachilik, farmatsevtika va elektrotexnika belgilandi. Qishloq xo‘jaligida urug‘chilikni rivojlantirish, kartoshka va sholi yetishtirish, chorvachilik hamda intensiv bog‘dorchilikni kengaytirish rejalashtirilmoqda. To‘qimachilik sohasida jun va charmni qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Farmatsevtika yo‘nalishida ikki mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatini birlashtirish, arzon va sifatli dori vositalari turini kengaytirish hamda tashqi bozorlarga chiqish taklif etildi. Elektrotexnika tarmog‘ida esa butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozorlariga olib chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Forumning ishbilarmonlik dasturi kompaniyalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar maydoniga aylandi. Unda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarish, elektrotexnika, farmatsevtika, energetika, tog‘-kon sanoati, logistika, turizm, moliya hamda savdo sohalaridagi tashabbuslar muhokama qilindi. Asosiy e’tibor barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish va istiqbolli tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirishga qaratildi.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni davom ettirish hamda joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda birinchi O‘zbekiston–Qirg‘iziston Hududlar forumini o‘tkazishga kelishib oldilar. Ushbu tadbir idoralararo va biznes muloqotining mantiqiy davomi bo‘ladi.

Forum yakunida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiya agentligi o‘rtasida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi imzolandi.

Shuningdek, elektrotexnika mahsulotlarini ilgari surish, urug‘chilik, agrar ilm-fan, energetika, sog‘liqni saqlash, gidrotexnika inshootlari qurilishi hamda sanoat zonalarini rivojlantirish sohalarini qamrab olgan bitim almashildi. Mazkur hujjatlar yangi loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam tashkiliy-huquqiy asos yaratdi.