O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Avstriya O‘zbekiston bilan soliq bitimini yangilashni maʼqulladi

UzDaily tahririyati · 21.07.2026 · 17:00 · 59 views
Avstriya O‘zbekiston bilan soliq bitimini yangilashni maʼqulladi

Avstriya O‘zbekiston bilan soliq bitimini yangilashni maʼqulladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Avstriya Federal kengashi Avstriya va O‘zbekiston o‘rtasida daromad va kapitalga ikki tomonlama soliq solishning oldini olish to‘g‘risidagi bitimga kiritilayotgan protokolni parlament tartibida maʼqullash jarayonini yakunladi. Parlamentning yuqori palatasi hujjatni 2026 yil 16 iyul kuni tasdiqladi.

Bundan avval, 2026 yil 7 iyul kuni protokol Avstriya parlamentining quyi palatasi — Milliy kengash tomonidan maʼqullangan edi. Shu tariqa, mamlakatda hujjatni parlamentda ko‘rib chiqish jarayoni to‘liq yakunlandi.

Protokol Avstriya va O‘zbekiston tomonidan 2000 yilda imzolangan ikki tomonlama soliq solishning oldini olish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Uning qoidalari har ikki mamlakatda zarur ichki davlat tartib-taomillari yakunlanib, ratifikatsiya yorliqlari almashilganidan keyin kuchga kiradi.

Bitimni yangilash ikki davlat o‘rtasidagi soliq rejimini zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Hujjatda soliq bazasining yemirilishi va foydani soliqqa tortishdan chiqarib yuborishga qarshi kurashish (BEPS), soliq sohasidagi shaffoflikni oshirish, shuningdek, Avstriya va O‘zbekiston soliq organlari o‘rtasidagi maʼmuriy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha choralar nazarda tutilgan.

Protokol tomonlar o‘rtasida ratifikatsiya yorliqlari almashilganidan keyin uchinchi oyning birinchi kunidan boshlab kuchga kiradi. Uning qoidalari esa hujjat kuchga kirgan yildan keyingi yilning 1 yanvaridan boshlab qo‘llaniladi.