Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 28-iyul kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurrahman Al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishi ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning muhim va istiqbolli sohalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Uchrashuvda ushbu sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan va istiqbolda rejalashtirilayotgan loyihalarning samaradorligini oshirish, ularning qamrovi hamda ko‘lamini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, muhokamalar davomida tomonlar sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, tomonlar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy etish orqali tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash hamda mutaxassislarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan fikr almashdi.
Jumladan, Saudiya Arabistonining investitsiyaviy, texnologik va boshqaruv tajribasini jalb qilish, ikki mamlakat xususiy sektori vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, tegishli tashkilotlar va mutaxassislar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni mustahkamlash hamda aniq va istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdi.