Ekopartiya Toshkentda «yashil bekatlar» tashkil etishni taklif qildi
Ekopartiya Toshkentda «yashil bekatlar» tashkil etishni taklif qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahrida avtobus bekatlarini yana-da qulay va ekologik jihatdan samarali qilishni nazarda tutuvchi «Yashil bekat» pilot loyihasini amalga oshirishni taklif qildi.
Partiyada taʼkidlanishicha, BRT yo‘laklarining joriy etilishi jamoat transporti samaradorligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish va avtobuslar harakatini tezlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, tashabbus mualliflari fikricha, transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lovchilar uchun transport kutish vaqtida qulay sharoitlar yaratish bilan birga olib borilishi lozim.
Xabarda qayd etilishicha, yozgi yuqori harorat sharoitida ko‘plab yangi bekatlar quyosh nurlaridan yetarli darajada himoya qilmaydi. Bu esa yo‘lovchilar, ayniqsa, keksalar, bolalar, homilador ayollar va sog‘lig‘ida muammosi bor fuqarolar uchun noqulayliklar tug‘diradi.
Pilot loyiha doirasida 10 tadan 20 tagacha avtobus bekatini keng soyabonlar, issiqlikni qaytaruvchi qoplama, quyosh panellari, energiya tejamkor LED yoritish tizimi va tabiiy shamollatishni taʼminlovchi ochiq konstruksiyalar bilan jihozlash taklif etilmoqda. Shuningdek, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekish ham rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ayrim bekatlarda velosipedlar uchun to‘xtash joylari va yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlarini o‘rnatish taklif qilinmoqda.
Ekologik partiyada taʼkidlanishicha, taklif etilayotgan yechimlar Toshkentning iqlim xususiyatlarini hisobga olishi lozim.
Tashabbus mualliflari fikricha, «yashil bekatlar» yo‘lovchilar uchun yana-da qulay sharoit yaratish, shahar havosidagi chang miqdorini kamaytirish, ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar maydonini kengaytirish, energiya sarfini qisqartirish va poytaxtning ekologik qiyofasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Partiya, shuningdek, masʼul tashkilotlarni yangi va amaldagi avtobus bekatlarining qulaylik darajasi, soya bilan taʼminlanganligi hamda iqlim sharoitlariga mosligini baholashga, aholi fikrini inobatga olishga va zamonaviy ekologik yechimlarni joriy etishga chaqirdi.