O‘zbekistonda issiq sabab poyezdlar tezligi vaqtincha cheklanadi
O‘zbekistonda issiq sabab poyezdlar tezligi vaqtincha cheklanadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda havoning anomal darajada isishi munosabati bilan temir yo‘l tarmog‘ining ayrim uchastkalarida poyezdlar harakat tezligiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi. Bu haqda “Temiryo‘lekspress” kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda qayd etilishicha, mazkur qaror yo‘lovchilar va poyezdlar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, yuqori harorat sharoitida temir yo‘l infratuzilmasining barqaror va ishonchli faoliyatini saqlab qolish maqsadida qabul qilingan.
Kompaniya maʼlum qilishicha, cheklovlar issiq ob-havo davrida temir yo‘l izlari va infratuzilma obyektlari holatini qo‘shimcha nazorat qilish talab etiladigan ayrim temir yo‘l uchastkalarida amal qiladi.
Vaqtinchalik tezlik rejimi joriy etilishi munosabati bilan ayrim yo‘lovchi poyezdlari manzilga jadvalda ko‘rsatilgan vaqtdan kechroq yetib kelishi mumkin.
Tashuvchi yo‘lovchilarni poyezdlarning yetib kelish vaqtidagi ehtimoliy o‘zgarishlarni inobatga olishga hamda temir yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ushbu choralarga tushunish bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi.