Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilariga murojaat qildi
Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilariga murojaat qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 iyul kuni mamlakatda ilk bor O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi birinchi xalqaro forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
Forumda dunyoning qirqdan ortiq mamlakatidan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, turli madaniyat va konfessiyalar namoyandalari, shuningdek, davlat va jamoat arboblari ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari forumning o‘tkazilishi jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasi, uning maʼnaviy, ilmiy va madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganining yaqqol isboti ekanini taʼkidladi.
Prezidentning qayd etishicha, insoniyat ilm-fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarga erishayotgan bir paytda, mojarolarning kuchayishi, buzg‘unchi g‘oyalar, murosasizlik, ekstremizm va islomofobiyaning tarqalishi, shuningdek, madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yishga qaratilgan urinishlar ham kuzatilmoqda.
Shunday sharoitda, prezident taʼkidlaganidek, asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va maʼnaviy kamolot manbai bo‘lib kelgan hamda umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan islom qadriyatlarining ahamiyati yana-da ortib bormoqda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tomonidan 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan ilgari surilgan «Jaholatga qarshi — maʼrifat» konseptual g‘oyasini eslab o‘tdi. Uning taʼkidlashicha, tinchlik, o‘zaro anglashuv va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevorini faqat ilm-fan, taʼlim, tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlar yarata oladi.
Prezident mintaqaning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida to‘xtaldi. Bu zaminda asrlar davomida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom ilmi va hadisshunoslik rivojlanganini qayd etdi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy kabi mutafakkirlarning merosi jahon tafakkuri xazinasidan munosib o‘rin olgani taʼkidlandi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Birinchi va Ikkinchi Renessans davridagi yutuqlar bugun ham insoniyatni ilhomlantirmoqda. Yangi O‘zbekiston esa ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy taʼlim hamda jamiyatning maʼnaviy-intellektual yuksalishiga tayangan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etmoqda.
Davlat rahbari islom sivilizatsiyasi merosini tiklash, asrash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganini maʼlum qildi.
Mamlakatda malakali mutaxassislar tayyorlash, fundamental ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, muqaddas qadamjolar hamda tarixiy-madaniy majmualarni tiklash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida yangilangan Imom Buxoriy memorial majmuasi musulmon olamining eng yirik maʼnaviy, ilmiy va maʼrifiy markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Murojaatda Islom sivilizatsiyasi markaziga ham alohida eʼtibor qaratildi. Markaz bosh darvozasi peshtoqida Qurʼoni karimdagi “Iqro!” — “O‘qi!” degan chaqiriq muhrlangan.
Prezident markazni o‘tmish bilan kelajakni, Sharq bilan G‘arbni, qadimiy anʼanalar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni bog‘lovchi ochiq intellektual makon sifatida taʼrifladi. U forum global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi, davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, universitetlar, muzeylar va kutubxonalar salohiyatini birlashtirishi hamda qo‘shma harakatlar dasturining qabul qilinishi bilan yakunlanishiga umid bildirdi. Davlat rahbari O‘zbekiston xalqaro sheriklar bilan amalga oshiriladigan barcha loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi.
Forum doirasida Samarqand va Termiz shaharlarida buyuk ajdodlar ilmiy merosiga bag‘ishlangan konferensiyalar o‘tkaziladi.
Ularning ishtirokchilari mamlakatda maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlarni qayta tiklash, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.