O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish taklif etildi

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 13:00 · 27 views
B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish taklif etildi
B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish taklif etildi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-son «Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish chora-tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, 312-son qarorning 9-bandini yangi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Unda talab etiladigan sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinishi belgilanmoqda. Amaldagi oltinchi xatboshini esa yettinchi xatboshi deb hisoblash taklif etilgan.

Hujjatda gap xorijiy til o‘qituvchilari milliy sertifikatning B2 darajasiga yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishiga qo‘yiladigan talab haqida bormoqda. Loyihaga ko‘ra, bunday hujjatning mavjud emasligi mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Qaror loyihasi Regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan. Eʼtiroz va takliflarni qabul qilish muddati 12 avgustga qadar belgilangan.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, hozirda hujjat qaror loyihasi maqomiga ega bo‘lib, hali kuchga kirgan qaror hisoblanmaydi.