Yangi Toshkentga ilk aholi 2027 yilda ko‘chirilishi mumkin
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi Toshkentda ilk aholini turar joylarga 2027 yildan boshlab ko‘chirish mumkin. Bu haqda Yangi Toshkent direksiyasi direktori maslahatchisi Saidazim Sharipov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Toshkentni rivojlantirish uchun 20 ming gektar yer ajratilgan bo‘lib, birinchi bosqichda 6 ming gektar maydon o‘zlashtirilmoqda.
Qurilish ishlari 2024 yilda boshlangan va ikki yil davomida birinchi bosqich hududining asosiy qismida ishlar olib borildi.
Dastlabki bosqichda asosiy eʼtibor yer osti muhandislik kommunikatsiyalarini barpo etishga qaratildi. Hozirda birinchi obyektlarda qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan.
Jumladan, «Yangi O‘zbekiston» universiteti va Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universiteti kampuslari, shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi binosi qurilishi yakunlanish arafasida.
Sharipovning taʼkidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish maydoniga muntazam tashrif buyurib, kelajakdagi binolardan foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratilishiga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Shu bilan birga, 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan stadion ham jadal surʼatlarda qurilmoqda. Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, uni ham kelasi yilda yakunlash rejalashtirilgan.