Oʻzbekiston va Qatar energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Qatar energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 20-may kuni Toshkent shahrida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hamda Qatar davlatining Tashqi savdo ishlari bo‘yicha davlat vaziri Ahmad bin Muhammad Al-Sayid o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki davlat rahbarlarining yaqin va ishonchli muloqoti natijasida O‘zbekiston–Qatar hamkorligi izchil rivojlanib borayotgani, xususan, energetika sohasida yirik investitsiyaviy loyihalar samarali amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Xususan, Qatarning “Nebras Power” kompaniyasi ishtirokida Sirdaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 4 133 MVt bo‘lgan zamonaviy energetika loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Sirdaryoda 1 573 MVt hamda Surxondaryoda 1 560 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Shuningdek, Navoiy viloyatida quvvati 1 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
Uchrashuv davomida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan mazkur loyihalarni jadallashtirish, elektr taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish hamda energetika sohasining boshqa yo‘nalishlarida yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.