Oʻzbekiston va Polsha senatorlari hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Polsha senatorlari hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8-iyul kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Agzamxodjayev Polsha Seymi deputati, Zbignev Rau bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Zbignev Rau Oʻzbekistonga tashrifi doirasida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ishtirok etayotganini qayd etib, nufuzli anjumanning yuqori saviyada tashkil etilganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, forum doirasida parlament aʼzolari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan oʻtkazilayotgan uchrashuvlar mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini eʼtirof etdi.
Tomonlar parlament diplomatiyasini rivojlantirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish, hududlararo aloqalarni kengaytirish hamda xalqaro parlament tashkilotlari doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish va turizm sohasida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan amaliy takliflar koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni, ayniqsa parlamentlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish, oʻzaro ishonch va konstruktiv muloqotni davom ettirish hamda ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qiluvchi qoʻshma tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.