O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida yangi turizm imkoniyatlari ochilmoqda

UzDaily tahririyati · 03.07.2026 · 18:00 · 37 views
Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida yangi turizm imkoniyatlari ochilmoqda

Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida yangi turizm imkoniyatlari ochilmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan Iordaniyaning milliy aviakompaniyasi — “Royal Jordanian Airlines” 2026 yil 1 iyuldan Ammon – Toshkent – Ammon yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi reyslarini amalga oshirishni boshladi.

Shu tariqa O‘zbekiston va Iordaniya poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Reyslar haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Ushbu muhim voqea munosabati bilan Toshkent shahrida Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Tadjiev, “Royal Jordanian Airlines” aviakompaniyasining tijoriy masalalar bo‘yicha direktori Karim Maxluf, “Toshkent” xalqaro aeroporti direktori Jasur Po‘latov hamda O‘zbekiston va Iordaniyaning yetakchi turizm kompaniyalari vakillari ishtirokida tantanali tadbir tashkil etildi.

“Ammon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi qadimiy sivilizatsiyalarga, boy tarixga, mehmondo‘stlik an’analariga va ulkan turizm salohiyatiga ega ikki mamlakat o‘rtasida yangi ko‘prik barpo etilayotganligini bildiradi. Har haftaning chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladigan ushbu reyslar sayyohlar hamda ishbilarmonlar uchun qulay safar imkoniyatlarini yaratadi. Qatnovlar dam olish safarlari, xizmat safari, oilaviy tashriflar va tashkillashtiriladigan turistik guruhlar uchun yanada qulay sharoit yaratib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi turizm va savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi”, deb fikr bildirdi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Tadjiyev. 

“Toshkent va Amman o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovining yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bizning aviakompaniya 50 dan ortiq xalqaro yo‘nalishlarga parvoz qiladi. Royal Jordanian Iordaniyani Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va Yaqin Sharq davlatlari bilan bog‘laydi. Bu Iordaniyadan tashqari 3-xorij mamlakatlaridan O‘zbekistonga sayyohlarning kirib kelishida ahamiyatli. Yangi yo‘nalish mamlakatga kirish turizmini rag‘batlantirish va O‘zbekistonni Iordaniyada jahonning yetakchi turistik yo‘nalishlaridan biri sifatida targ‘ib qilishga qaratilgan”, deydi “Royal Jordanian Airlines” aviakompaniyasining tijoriy masalalar bo‘yicha direktori Karim Maxluf.

“Royal Jordanian Airlines” 1963 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Iordaniyaning milliy aviatashuvchisi hisoblanadi. Aviakompaniya oneworld global aviaalyansi a’zosi bo‘lib, uning tarmog‘i orqali O‘zbekiston shaharlarini yuzlab xalqaro yo‘nalishlar bilan bog‘lash imkoniyati yaratiladi. Shu bois yangi aviaqatnov mamlakatimizga xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirishda muhim ahamiyatga ega.

Yangi reys Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo turizm halqasi” tashabbusini amalga oshirishda ham muhim o‘rin tutadi. Ushbu yo‘nalish Iordaniya va boshqa davlatlardan keluvchi sayyohlarga Toshkent bilan bir qatorda Samarqand, Buxoro, Xiva va Markaziy Osiyoning boshqa tarixiy shaharlariga qulay safar qilish imkonini beradi.

Yangi avia qatnovlarni tashkil etilishi  har yili iyun–avgust oylarida “Ochiq turizm mavsumi” dasturi o‘tkaziladi. Dastur doirasida yangi xalqaro aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan xorijiy va mahalliy aviatashuvchilarga davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi, aeroport xizmatlari uchun chegirmalar taqdim etiladi. Shuningdek, rezident turoperatorlarga jalb etilgan har ming nafar xorijiy turist uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatiladi hamda turoperatorlik va mehmonxona xizmatlari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi keshbek tarzida qaytariladi.