O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Toshkent aeroportida qariyb 12 kg giyohvand modda ushlandi

UzDaily tahririyati · 05.07.2026 · 12:45 · 27 views
Toshkent aeroportida qariyb 12 kg giyohvand modda ushlandi

Toshkent aeroportida qariyb 12 kg giyohvand modda ushlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Tashkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikda Toshkent xalqaro aeroporti orqali giyohvandlik vositalarini noqonuniy olib kirishga bo‘lgan ikki urinishning oldini oldi. Musodara qilingan giyohvand moddalarning umumiy og‘irligi qariyb 12 kilogrammni tashkil qildi.

Birinchi holatda chegara bojxona postida Bangkokdan uchib kelgan va “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan 44 yoshli yo‘lovchi ushlangan. Uning qo‘l yuki va bag‘aji ko‘zdan kechirilganda, bojxona xodimlari 4,8 kilogrammdan ortiq marixuanani aniqladi.

Yana bir holat Pxuketdan kelgan qo‘shni davlatlardan birining 19 yoshli fuqarosini tekshirish jarayonida fosh etildi.

Uning bag‘ajini ko‘zdan kechirish chog‘ida bojxonachilar eʼtiborini quruq sut deb belgilangan qadoqlar tortdi.

Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, o‘nta qadoq ichidagi modda sintetik giyohvandlik vositasi — mefedron ekani aniqlandi. Musodara qilingan giyohvand moddaning umumiy og‘irligi 7 kilogramm 180 grammni tashkil etdi.

Ushlangan shaxsning so‘zlariga ko‘ra, u Telegram messenjeri orqali nomaʼlum shaxs bilan tanishgan va uning ko‘rsatmasiga binoan 1 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot evaziga giyohvand moddalarni Toshkentga yetkazib berishga rozi bo‘lgan.

Bojxona organlari maʼlumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmi davomida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarini noqonuniy olib kirish va muomalaga kiritish bilan bog‘liq 403 ta holat aniqlangan. Natijada noqonuniy aylanmadan qariyb 1 tonna 760 kilogramm giyohvand modda olib qo‘yilgan.

Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.