O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

TATUda Sun'iy intellekt klasteri ochildi

UzDaily tahririyati · 03.07.2026 · 17:50 · 35 views
TATUda Sun'iy intellekt klasteri ochildi

TATUda Sun'iy intellekt klasteri ochildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish va innovatsion ekotizimni mustahkamlashga xizmat qiluvchi “Sun’iy intellekt klasteri”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari B. Xodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari departamenti rahbari Z. Mutalov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov, vazirlik va idoralar, AT sohasi korxona va tashkilotlari, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish va ushbu yo‘nalish uchun zamonaviy kadrlarni tayyorlash bo'yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jarayonda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida ilmiy va innovatsion salohiyatini tobora mustahkamlab bormoqda.

Yangi tashkil etilgan “Sun’iy intellekt klasteri” ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalarni yagona platformada birlashtiradi. Klaster doirasida universitetga zamonaviy GPU Cluster hamda yuqori unumdorlikka ega ko‘p funksiyali serverlar taqdim etildi. Ushbu infratuzilma sun’iy intellekt modellarini yaratish, katta hajmdagi ma'lumotlarni qayta ishlash, mashinali o'qitish va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni samarali tashkil etish imkonini beradi.

Shuningdek, klaster tarkibida AI Laboratory, AI Prototyping Room va AI Lecture Room faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu maskanlarda talabalar va yosh tadqiqotchilar sun’iy intellekt, 3D dizayn, IoT hamda innovatsion startap loyihalari ustida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tadbir davomida ServSig loyihasining sun’iy intellekt moduli ishga tushirildi, istiqbolli startaplar va ilmiy ishlanmalar taqdim etildi hamda sun’iy intellekt sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

“Sun’iy intellekt klasteri”ning ishga tushirilishi universitetning ilmiy va texnologik salohiyatini yanada oshirish, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatimizda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.