Oʻzbekiston va Petronas neft va gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Petronas neft va gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Maslahat qo‘mitasi raisi, “Petronas” kompaniyasi maslahatchisi Tan Shri Muhammad Hassan bin Marikan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida neft-gaz va gaz-kimyo sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar neft-gaz tarmog‘ida amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar natijalari, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, uglevodorod resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash yo‘nalishlaridagi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, tajriba almashish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, qazib olish va qayta ishlash loyihalarini rivojlantirish, shuningdek, “Petronas” universiteti negizida yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.