Oʻzbekiston va IHHT davlat boshqaruvi islohotlarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va IHHT davlat boshqaruvi islohotlarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va IHHT davlat boshqaruvi islohotlarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish bilan bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHHT) bilan hamkorlik O‘zbekistonda strategik rejalashtirish va boshqaruv yondashuvlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2022–2024-yillar davomida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHHT) O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oltita asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholash maqsadida tadqiqot o‘tkazdi. “Davlat boshqaruvi sharhi” (Public Governance Review) e’lon qilingach, tomonlar islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olgan edi.

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi rahbariyati hamda IHHT vakillari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Calleweart Simon — IHHT vakili, Viktor Kessler — Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakili, xalqaro ekspertlar hamda boshqa ishtirokchilar qatnashdi.

Uchrashuv davomida Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari A. Abduqodirov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan davlat boshqaruvi va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish islohotlari haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, Sharh tavsiyalari amaliyotga izchil joriy etilib, davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini takomillashtirish jarayonida xalqaro tajribani hisobga olgan holda keng ko‘lamli maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Natijada davlat boshqaruvini 2030-yilgacha nomarkazlashtirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuvlar belgilandi.

IHHT vakillari amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, strategik rejalashtirish tizimini joriy etishning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Tomonlar davlat boshqaruvini yanada isloh qilish, nomarkazlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va hududiy rivojlanishni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni davom ettirish hamda loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida ekspertlik va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur muloqot boshqaruv samaradorligini oshirish va mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling