Oʻzbekiston va Hindiston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Hindiston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Hindiston delegatsiyasi ishtirokida farmatsevtika sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida agentlik direktori mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘ining bugungi holati va rivojlanish dinamikasi haqida batafsil maʼlumot taqdim etdi. Xususan, so‘nggi yillarda sohada kuzatilayotgan barqaror o‘sish, “Tashkent Pharma Park” (Bio Pharma City) farmatsevtika klasteri doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda erishilgan natijalar alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi: farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tartibga solish va sifat nazorati sohasida tajriba almashish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.