Oʻzbekiston va Braziliya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Braziliya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Braziliya Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik vazirligi vaziri o‘rinbosari Avgusto Billi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasidagi agrar hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va oziq-ovqat sanoati yo‘nalishlarida sheriklikni kengaytirish ikki davlat uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladilar.
Uchrashuvda agrar biotexnologiya, seleksiya, iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, shuningdek qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, karantin va fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Tomonlar mutaxassislar tayyorlash, tajriba almashish va agrar sohadagi me’yoriy-huquqiy amaliyotlarni rivojlantirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlik hujjatini ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, Braziliyaning EMBRAPA Soja ilmiy-tadqiqot instituti bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi hamda qurg‘oqchilikka chidamli navlarni yaratish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mutaxassislar almashinuvini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Braziliya tomoni joriy yilning 4–6-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqaro chorvachilik ko‘rgazmasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokini ta’minlashni taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni jadallashtirishga kelishib oldilar.