Oʻzbekiston va Al Alfia Holding investitsiya hamkorligini kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 13-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Al Alfia Holding Qatar kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga kompaniya rahbariyatining maxsus vakili Zaynab Al-Yusuf boshchilik qildi.
Tomonlar kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqilayotgan tashabbuslarni amaliy bosqichga o‘tkazish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Ustuvor yo‘nalishlar qatorida mahalliy xomashyo bazasi va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda moylash materiallari hamda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, shuningdek, neft va gaz quduqlari uchun quduq usti uskunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Yangi Toshkentdagi ko‘chmas mulk obyektlari, tijorat va mehmonxona infratuzilmasi hamda logistika quvvatlarini tashkil etishga qaratilgan loyihalar alohida muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida belgilangan yo‘nalishlarni batafsil ishlab chiqish, texnik va loyiha ma’lumotlari almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda yangi O‘zbekiston–Qatar investitsiya tashabbuslarini ilgari surish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilab olindi.