O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Afgʻoniston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily · 20.06.2026 · 12:25 · 30 views
Oʻzbekiston va Afgʻoniston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Oʻzbekiston va Afgʻoniston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 19 iyun kuni Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Afg‘oniston Dori vositalari va tibbiyot mahsulotlarini tartibga solish milliy idorasi (AFDA) delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston farmatsevtika korxonalarining Afg‘oniston bozoriga chiqish imkoniyatlari, GMP inspeksiyalarini tashkil etish, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini takomillashtirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi farmatsevtika mahsulotlari savdo aylanmasini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston delegatsiyasi mamlakatimiz farmatsevtika korxonalarida joriy etilgan sifat boshqaruvi tizimlari va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, laboratoriya infratuzilmasini rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish, tartibga solish va inspeksiya jarayonlari bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek sohaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Afg‘oniston bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zaro manfaatli loyihalar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

UzDaily · 👁 30 views · 20.06.2026 · 12:25