Oʻzbekiston sudlarda shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibini mustahkamladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda fuqarolar va tadbirkorlarning iqtisodiy hamda maʼmuriy sudlarga murojaat qilish tartibiga oid qonunchilikka o‘zgartishlar kiritildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli qonunni imzoladi. Xususan, maʼmuriy organlarning qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda mansabdor shaxslarning ishtirok etishi bo‘yicha yangi qoidalar belgilandi.
Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks 148-1-modda bilan to‘ldirildi. Unda maʼmuriy organ mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisiga kelmagan taqdirda yuzaga keladigan huquqiy oqibatlar belgilangan.
Yangi normaga ko‘ra, maʼmuriy organning qarori yoki uning mansabdor shaxsining harakati yoxud harakatsizligi ustidan berilgan ariza yoki shikoyat ko‘rib chiqilayotganda tegishli mansabdor shaxs yoki uning vakilining sud majlisida ishtirok etishi majburiy bo‘ladi.
Agar mansabdor shaxs yoki uning vakili sud majlisiga kelmasa, ishni ko‘rib chiqish keyinga qoldirilishi kerak. Bunda sud kelmaslik sababini uzrli deb topmasa, mansabdor shaxsga sud jarimasi qo‘llashi mumkin.
Shu bilan birga, qonunda istisno ham nazarda tutilgan. Agar sud mansabdor shaxs yoki maʼmuriy organ vakilining ishtirokisiz ham ishni har tomonlama, to‘liq va to‘g‘ri hal qilish mumkin, degan xulosaga kelsa, ish ularning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.
Yangi qoidalar maʼmuriy organlarning qarorlari, shuningdek, ularning mansabdor shaxslari harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinadigan sud ishlariga tatbiq etiladi.