O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Turkiya parlamentlararo muloqotni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 15.08.2026 · 21:25 · 12 views
Oʻzbekiston va Turkiya parlamentlararo muloqotni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Turkiya parlamentlararo muloqotni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-avgust kuni “Oʻzbekiston–Turkiya” va “Turkiya–Oʻzbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

 Yigʻilishda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va ishonchga asoslangan oʻzaro munosabatlari natijasida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlik keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi.

Soʻnggi yillarda parlamentlararo muloqot va oʻzaro tashriflar izchil faollashib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi oʻrtasida imzolangan 2026–2027-yillarga moʻljallangan hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi” ijrosini taʼminlash masalalari ham koʻrib chiqildi.

 Xususan, qoʻshma tadbirlar va tashriflarni tashkil etish, qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati sohasida tajriba almashish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida oʻzaro tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi, transport-tranzit, taʼlim, turizm hamda madaniy-gumanitar yoʻnalishlardagi loyihalarni qonunchilik jihatidan qoʻllab-quvvatlash, hududlararo aloqalarni kengaytirishga koʻmaklashish muhimligi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini taʼminlash, Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi rahbariyatining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish, Samarqand shahrida oʻtkaziladigan XII global yosh parlament aʼzolari konferensiyasida turkiyalik yosh parlament aʼzolari ishtirokini taʼminlashga kelishib olindi.