Oʻzbekiston Senati elektron tijorat uchun yangi QQS qoidalarini tasdiqladi
Oʻzbekiston Senati elektron tijorat uchun yangi QQS qoidalarini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 15-yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni muhokama qildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, elektron tijorat sohasini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi elektron tijorat ishtirokchilari uchun elektron tijorat makonini yaratishni, sohada adolatli raqobat sharoitini yaratishni hamda elektron tijorat ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonuniga elektron tijorat sohasida to‘lovlarni, transchegaraviy elektron tijoratni amalga oshirishning, raqamli mahsulotlar eksporti va importining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, elektron tijorat operatorlarining majburiyatlari doirasida isteʼmolchi oldida sotuvchi javobgar bo‘ladigan holatlar yoki sotuvchi tomonidan isteʼmolchining qonuniy talablarini qondirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, elektron tijorat operatorining isteʼmolchi oldida subsidiar javobgarlik meʼyori belgilanmoqda.
So‘zga chiqqanlar taʼkidlaganidek, buning natijasida isteʼmolchining xavfsiz onlayn savdo xizmatlaridan keng foydalanishi taʼminlanadi. Bundan tashqari, Qonun nafaqat elektron savdoni tartibga solish, balki elektron savdo bozorida shaffoflikni oshirish, xalqaro standartlarga mos huquqiy baza yaratishga xizmat qiladi.
Senatorlarning fikricha, ushbu chora-tadbirlar tatbiq etilishi mahalliy va xorijiy sotuvchilar o‘rtasida adolatli raqobat sharoitini taʼminlashga, transchegaraviy elektron tijorat shiddat bilan rivojlanayotgan davrda soliq tushumlari yo‘qolishining oldini olishga hamda mahalliy elektron savdo platformalarini soliq agentlari sifatida jalb etish orqali soliq tushumlarini taʼminlash jarayonlarini yengillashtirishga qaratilgan.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.