Oʻzbekiston Prezidentiga kimyo sanoati loyihalari taqdim etildi
Oʻzbekiston Prezidentiga kimyo sanoati loyihalari taqdim etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish iqtisodiyot rivojining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda tashkil etilgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki bugungi kunda sohadagi yangi avlod sanoat maydonlaridan biri sifatida shakllanib ulgurdi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 3-fevraldagi tegishli qarori ijrosi doirasida barpo etilgan mazkur texnopark kimyo mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish maqsadiga xizmat qilmoqda. Umumiy maydoni 26,4 gektar boʻlgan hududda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga 25 million dollar mablagʻ yoʻnaltirildi.
Texnoparkning investitsiyaviy jozibadorligi aniq raqamlarda oʻz ifodasini topmoqda. Jumladan, 2025-yilda 56 million dollarlik investitsiya oʻzlashtirilib, 758 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Yil davomida korxonalar tomonidan 60 million dollarlik 150 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarildi.
Kelgusi rejalar ham ulkan. 2030-yilga qadar investitsiyalar hajmini 207 million dollarga, tovar mahsuloti ishlab chiqarishni 294 million dollarga, eksportni 48 million dollarga yetkazish hamda ish oʻrinlari sonini 2 ming 300 taga oshirish belgilangan.
Shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyevga texnopark faoliyati, shuningdek, kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy loyihalar taqdimot qilindi.
Bugungi kunda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish agrar sektor barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Yiliga 3,7 million tonna oʻgʻit ishlab chiqarilayotgan boʻlsa-da, import qilinayotgan fosforli va suvda eruvchan oʻgʻitlarga boʻlgan talab tarmoqni yanada modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda. Bu borada 2,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan.
Neft-kimyo tarmogʻida esa polimerlarga boʻlgan ichki ehtiyoj ortib bormoqda. 2032-yilga borib, mazkur ehtiyoj 3,2 million tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda. Angrenda “Koʻmirdan olefinlar olish” va Qoʻngʻirotda “Naftani qayta ishlash” kabi yirik loyihalarning amalga oshirilishi ushbu talabni toʻliq qondirish va import oʻrnini bosishga xizmat qiladi.
Maishiy kimyo sohasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Investitsiya loyihalari orqali import hajmini ikki barobarga qisqartirish, ichki isteʼmolni mahalliy mahsulotlar hisobiga 64 foizgacha yetkazish va eksport koʻrsatkichlarini oshirish koʻzda tutilgan.
#Shavkat Mirziyoyev