Oʻzbekiston nizosiz ishlarni koʻrib chiqish tartibini soddalashtiradi

Oʻzbekiston nizosiz ishlarni koʻrib chiqish tartibini soddalashtiradi

Oʻzbekiston nizosiz ishlarni koʻrib chiqish tartibini soddalashtiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda nizosiz ishlarni hal etish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi eng avvalo, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini himoya qiladi. U bilan nizosiz ishlarni ko‘rish osonlashmoqda. Mazkur qonun loyihasi bilan Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslaridagi sud buyrug‘i tartibida ko‘riladigan ayrim nizosiz talablarga oid ishlarning doirasi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Jumladan, endi ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlar, kommunal va aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq talablarning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ming baravaridan ko‘p bo‘lgan taqdirda sud tomonidan buyruq tartibida ko‘rib chiqiladi. Mazkur miqdordan kam bo‘lgan nizosiz talablarga doir ishlar notariuslar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Qonun loyihasi bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunda ijro xatlarini yozib berganlik uchun undiriladigan summaning miqdori notarius tomonidan bunday notarial harakatni amalga oshirganlik uchun sarflanadigan haqiqiy xarajatlar miqdoriga muvofiqlashtirilmoqda.

Majlisda qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar sud tizimi samaradorligini oshirish, nizosiz talablarni hal etish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda notarial xizmatlar qamrovi va sifatini oshirishga qaratilgani ta’kidlandi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling