O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Oʻzbekiston fuqarolarni yashash joyida roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtiradi

Dilafro'z Niyazova · 18.08.2026 · 21:51 · 318 views
Oʻzbekiston fuqarolarni yashash joyida roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtiradi
Oʻzbekiston fuqarolarni yashash joyida roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtiradi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi fuqarolarni yashash joyi va yashash joyida roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtiruvchi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda qabul qildi. Hujjat bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi sifatida ishlab chiqilgan.

Ushbu hujjat aholini yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini yanada soddalashtirish orqali fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengroq ta’minlashga qaratilgan.

Qonun loyihasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ta’minlashga qaratilgan uchta muhim yangilik nazarda tutilmoqda. Xususan, oila a’zolari va yaqin qarindoshlari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llash bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilinmoqda.

Ya’ni, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, shuningdek aka-uka va opa-singillar bir-birining uy-joyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lsa ham, bu holat ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmasligi nazarda tutilyapti. Bu esa oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni bir manzilda ro‘yxatdan o‘tkazishni yengillashtirishga xizmat qiladi.

Loyihada talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan talabalarga nisbatan alohida huquqiy mexanizm joriy etilib, ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilmasligi ham belgilanmoqda. Bu esa oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mavjud amaliy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy sotib olgan ko‘plab fuqarolar o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Bu esa ularga farzandlarini maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda muammo tug‘diryapti.

Qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda taqiq yoki xatlab qo‘yilgan turar joyda yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun garovga oluvchining, taqiq va xatlab qo‘yishga yoki uni olib tashlashga vakolatli organning roziligini olish talab etilmaydi. Bu norma, avvalo, uy-joy mulkdori va uning oila a’zolarining o‘z uyida qonuniy ro‘yxatdan o‘tishiga imkoniyat yaratadi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.