Oʻzbekiston Avstriyaning Bauer kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston Avstriyaning Bauer kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Q. Yuldashev hamda Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi direktori A. Shitter o‘rtasida videomuloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” loyihasining birinchi bosqichi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va dastlabki natijalarni muhokama qildi.
Qayd etilishicha, “Bauer” kompaniyasi tomonidan mamlakatga jami 86 ta zamonaviy suv tejovchi texnologiya olib kelingan. Hududlardagi 24 nafar tashabbuskor bilan imtiyozli shartlar asosida uzoq muddatli lizing shartnomalari tuzilib, 2,6 ming gektar maydonda 54 ta sug‘orish texnologiyasi to‘liq o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgan.
Shuningdek, “Agro-star” xolding kompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridagi tashkilotlar, Lalmi dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda boshqa tashabbuskorlar bilan tuzilgan lizing shartnomalari asosida yana 30 ta sug‘orish uskunasini joriy yil yakuniga qadar o‘rnatish bo‘yicha loyihalashtirish va infratuzilma obyektlarini barpo etish ishlari jadal olib borilayotgani ta’kidlandi.
“Bauer” kompaniyasi rahbari amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, loyiha samaradorligini alohida e’tirof etdi.
Muloqot davomida Avstriyaning “UniCredit Bank Austria AG” banki tomonidan moliyalashtiriladigan, qiymati 15 million yevroga teng loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Shu bilan birga, uskunalarni yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.