O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

O‘zgidromet to‘qqiz hududda sel xavfi haqida ogohlantirdi

UzDaily · 23.06.2026 · 11:30 · 29 views
O‘zgidromet to‘qqiz hududda sel xavfi haqida ogohlantirdi

O‘zgidromet to‘qqiz hududda sel xavfi haqida ogohlantirdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi — O‘zgidromet respublika hududida sel va toshqin hodisalari yuzaga kelish ehtimoli yuqori ekani haqida shoshilinch ogohlantirish tarqatdi.

Sinoptiklar maʼlumotiga ko‘ra, 2026 yilning 23–27 iyun kunlari mamlakatning qator hududlarida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilmoqda. Bu esa yomg‘ir suvlarining to‘planishiga, ayrim joylarda suv bosishi holatlariga hamda tog‘li va tog‘ oldi hududlarida sel oqimlari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tabiiy xavf mamlakatning to‘qqiz viloyatida prognoz qilinmoqda. Qashqadaryo viloyatida Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlari xavf hududiga kiritilgan. Surxondaryo viloyatida esa Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel xavfi saqlanib qolmoqda.

Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlarida ham sel xavfi eʼlon qilingan. Navoiy viloyatida esa Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlari xavfli hududlar qatoriga kiritilgan.

Shunga o‘xshash ogohlantirish Jizzax viloyatining Zaomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlari uchun ham amal qilmoqda. Toshkent viloyatida esa Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Pskent, O‘rtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlari, shuningdek Angren va Olmaliq shaharlarida sel va toshqin xavfi mavjud.

Farg‘ona vodiysida Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari xavf ostida qolishi mumkin. Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlari ham xavfli hududlar sifatida qayd etilgan. Andijon viloyatida esa Andijon, Asaka, Jalolquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonobod shahrida sel xavfi prognoz qilinmoqda.

Xavf darajasi yuqori bo‘lgani sababli favqulodda xizmatlar tog‘li va tog‘ oldi hududlarida yashovchi aholi, sayyohlar, dam oluvchilar hamda tog‘ yo‘llari orqali safar qilishni rejalashtirayotgan haydovchilarni ehtiyot choralariga qatʼiy rioya qilishga va rasmiy axborot xabarlarini muntazam kuzatib borishga chaqirdi.

UzDaily · 👁 29 views · 23.06.2026 · 11:30