O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekiston–Iroq Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi

UzDaily · 19.06.2026 · 09:50 · 26 views
O‘zbekiston–Iroq Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi

O‘zbekiston–Iroq Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi
 

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 18 iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Iroq Respublikasi savdo vaziri Mustafo Nizor Juma boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O‘zbekiston–Iroq Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etildi.

Yig‘ilishga O‘zbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, mamlakatamizning Quvaytdagi favqulodda va muxtor elchisi Ayubxon Yunusov, Iroq tomonidan esa Savdo vaziri Mustafo Nazar Jumaa hamda Iroq Iqtisodiy kengashi prezidenti Ibrohim Madlul Ovadi Masʼudiy boshchilik qildi.

Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati tahlil qilindi hamda investitsiya, savdo va sanoatning elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlarda aloqalarni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar muhokama etildi.

Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish hamda xususiy sektorlar o‘rtasidagi bevosita ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratdi.

Xususan, yig‘ilish davomida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Iroq Iqtisodiy kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanib, uning doirasida O‘zbekiston–Iroq Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi.

O‘zbekiston–Iroq ishbilarmonlik kengashining taʼsis etilishi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklik uchun yangi institutsional asos yaratib, tadbirkorlik hamkorligini muntazam va tizimli ravishda rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida B2B formatida ishbilarmonlik uchrashuvlari tashkil etilib, tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan batafsil javoblar olish hamda xorijiy hamkorlar bilan bevosita muloqot o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

UzDaily · 👁 26 views · 19.06.2026 · 09:50