O‘zbekistonda issiqlik tarifini fiksatsiya qilish tartibi o‘zgardi
O‘zbekistonda issiqlik tarifini fiksatsiya qilish tartibi o‘zgardi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda aholi uchun issiq suv taʼminoti va issiqlik taʼminoti xizmatlari tariflarini oldindan to‘lov amalga oshirilganda qo‘llash tartibi o‘zgartirildi. Bunday holatlarda amaldagi tarifni fiksatsiya qilish muddati 12 oydan 2 oyga qisqartirildi.
Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi xabar berdi. Qayd etilishicha, tegishli o‘zgartishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 194-son qarori bilan tasdiqlangan ko‘p kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining 95-bandiga kiritilgan.
Yangi qoidalarga muvofiq, oldindan to‘lov amalga oshirilganda tarif to‘lov sanasida fiksatsiya qilinadi va to‘langan avans miqdori doirasida saqlanadi, biroq bu muddat ikki oydan oshmasligi kerak. Agar ushbu davr ichida tariflar o‘zgarsa, avvaldan to‘langan xizmat hajmi bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirilmaydi.
Ikki oylik muddat tugagach, isitish va issiq suv taʼminoti xizmatlari uchun hisob-kitoblar amaldagi tariflar asosida amalga oshiriladi.
Mazkur o‘zgarishlar aholi uchun issiqlik taʼminoti va issiq suv taʼminoti xizmatlariga tatbiq etiladi.