O‘zbekistonda AQSH va Janubiy Koreyaga noqonuniy jo‘natishga urinishlar fosh etildi
O‘zbekistonda AQSH va Janubiy Koreyaga noqonuniy jo‘natishga urinishlar fosh etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari fuqarolarni Janubiy Koreya va AQSHga noqonuniy olib chiqishni tashkil etish bilan bog‘liq firibgarlikda gumonlanayotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘ydi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX maʼlumotlariga ko‘ra, birinchi holatda Toshkent shahrida yashovchi ikki nafar shaxs fuqarolarning ishonchiga kirib, o‘z tanishlari orqali ularga G-1 toifasidagi vizalarni rasmiylashtirish, Janubiy Koreyada ishga joylashtirish hamda keyinchalik ushbu mamlakatda doimiy yashash uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam berishni vaʼda qilgan.
Gumonlanuvchilar o‘z xizmatlari uchun 55 ming AQSH dollari talab qilgan. Ular 25 ming AQSH dollari miqdoridagi oldindan to‘lovni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Ikkinchi holatda esa Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs fuqarolardan biriga uni AQSHga noqonuniy tarzda olib o‘tishni tashkil etishni taklif qilgan.
DXX maʼlum qilishicha, gumonlanuvchi o‘z xizmatlarini 50 ming AQSH dollariga baholab, O‘zbekiston, Turkiya, Ispaniya va Meksika orqali yo‘nalish tashkil etishni vaʼda qilgan. U oldindan kelishilgan mablag‘ning 20 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda ushlangan.
Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.