Toshkentda sodir bo‘lgan halokatga o‘smirlar sabab bo‘ldi
Toshkentda sodir bo‘lgan halokatga o‘smirlar sabab bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentdagi halokatli YTHda avtomobillarni o‘smirlar boshqargan
Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida Amira Temur va Bog‘ishamol ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lgan halokatli yo‘l-transport hodisasi yuzasidan yangi maʼlumotlar eʼlon qilindi. Idora maʼlumotiga ko‘ra, Zeekr va KIA avtomobillarini voyaga yetmagan shaxslar boshqargan.
Fojiadan so‘ng poytaxt YHXBB rahbari avariya holatlari va sabablariga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilish o‘tkazdi. Shuningdek, boshqarma xodimlari hodisa ishtirokchisi bo‘lgan voyaga yetmaganlar yashaydigan mahallada profilaktik tadbirlarni boshladi.
Idora ota-onalarga transport vositalarini voyaga yetmaganlarga boshqarish uchun berish mumkin emasligini yana bir bor eslatdi. YHXBBda taʼkidlanishicha, avariyaning sabablari va barcha holatlari bo‘yicha to‘liq rasmiy maʼlumot keyinroq eʼlon qilinadi.
Yo‘l-transport hodisasi 30 iyun kuni soat 05:10 atrofida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, voyaga yetmagan haydovchilar yo‘lda o‘zaro poyga uyushtirgan, oqibatda avtomobillardan biri yuqori tezlikda harakatlanayotgan Chevrolet Lacetti bilan to‘qnashgan.
Avariya natijasida bir ayol halok bo‘lgan. To‘rt yoshli bola va uning buvisi og‘ir tan jarohatlari olib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.