O‘zbekistonda 44 ta energetika korxonasi rahbarlari ishdan bo‘shatildi

O‘zbekistonda 44 ta energetika korxonasi rahbarlari ishdan bo‘shatildi

O‘zbekistonda 44 ta energetika korxonasi rahbarlari ishdan bo‘shatildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov raisligida payshanba kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, shahar va tumanlardagi elektr taʼminoti korxonalarining 44 nafar rahbari lavozimidan ozod etildi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, kadrlar bo‘yicha qabul qilingan qarorlar mamlakatning bir nechta viloyatlaridagi hududiy bo‘linmalar rahbarlariga taalluqli bo‘lgan.

Jumladan, “HET” Andijon filialidagi 14 ta, Samarqand filialidagi 10 ta, Jizzax filialidagi 7 ta, Qashqadaryo filialidagi 4 ta, shuningdek Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona filiallarining har birida 2 tadan korxona rahbarlari ishdan bo‘shatildi.

Avvalroq, 24 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev alohida yig‘ilishda mazkur 44 ta korxona faoliyatini tanqid qilib, ular tarmoqlarida elektr energiyasi yo‘qotish darajasi 20 foizdan oshib ketganini taʼkidlagan edi. U rahbarlarni yosh mutaxassislar bilan almashtirish zarurligini qayd etib, yo‘qotishlarni ikki baravarga qisqartirish vazifasini qo‘ygan.

Yig‘ilish davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tekshiruvlari natijalari asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar ham belgilab olindi.

Tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan 106 140 ta transformator podstansiyasi ko‘zdan kechirilib, ularning 25 668 tasi taʼmirga muhtoj deb topildi. Qator obyektlarda tiklash ishlari allaqachon boshlangan.

Shuningdek, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini yangilash, muammoli hududlarda tarmoqlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Alohida masala sifatida elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish ko‘rib chiqildi va ushbu yo‘nalishdagi loyihani tezlashtirish taklif etildi.

Gaz taʼminoti sohasidagi holat tahlili yakunlariga ko‘ra ham kadrlar bo‘yicha qaror qabul qilindi: jiddiy qonunbuzarliklar uchun «Hududgaz Xorazm» filiali rahbari lavozimidan ozod etildi.

 

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling