O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi xavflarning iqtisodiyotga taʼsirini baholadi
O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi xavflarning iqtisodiyotga taʼsirini baholadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat Yaqin Sharqdagi keskinlikning mamlakat iqtisodiyotiga ehtimoliy taʼsirini baholadi. Bu haqda 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada so‘z yuritilgan.
Hujjatga ko‘ra, geosiyosiy mojarolar, xomashyo bozorlaridagi yuqori o‘zgaruvchanlik va jahondagi inflyatsiya bosimi qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy hamda fiskal barqarorlik uchun asosiy xavflar sifatida qayd etilgan.
Hujjatda taʼkidlanishicha, O‘zbekistonning mazkur mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo bog‘liqligi nisbatan past hisoblanadi. 2025 yilda O‘zbekistonning Yaqin Sharq mamlakatlari — Eron, Isroil, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Quvayt va Saudiya Arabistoni bilan tashqi savdo aylanmasi 2,1 mlrd dollarni yoki mamlakat umumiy tashqi savdo aylanmasining 2,6 foizini tashkil etgan.
Ushbu davlatlarga eksport hajmi 933 mln dollarga yoki jami eksportning 2,8 foiziga yetgan. Shundan 720 mln dollari Birlashgan Arab Amirliklariga, 156 mln dollari Eronga va 32,9 mln dollari Isroilga to‘g‘ri kelgan. Eksport tarkibida xizmatlar, to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, neft mahsulotlari va metallar ustunlik qiladi. Mintaqadan import hajmi esa 1,2 mlrd dollarni yoki umumiy importning 2,4 foizini tashkil etgan.
Shu bilan birga, hujjatda qayd etilishicha, Yaqin Sharqdagi mojarolar allaqachon global taʼminot zanjirlarida uzilishlar yuzaga kelishiga hamda neft, mineral o‘g‘itlar va oziq-ovqat mahsulotlari jahon narxlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Bu jarayonlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga tashqi savdo va logistika jarayonlarining murakkablashishi, import narxlarining qimmatlashi hamda jahon iqtisodiyoti o‘sish surʼatlarining sekinlashishi orqali taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Xavflarni miqdoriy baholash maqsadida strategiyada asosiy ssenariy bilan bir qatorda tashqi va ichki shoklarning kuchayishini nazarda tutuvchi muqobil ssenariy ham ishlab chiqilgan.
Makroiqtisodiy xavflar, davlatning shartli majburiyatlari hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha majburiyatlar doimiy ravishda monitoring qilinadi. Tahlillar yakunlari asosida esa tegishli javob choralari ishlab chiqilib, eʼlon qilinadi.