O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) Yevroosiyo mintaqasi bo‘yicha mintaqaviy direktori Sule Kilich bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida energetika sohasidagi hamkorlik portfeli hajmi qariyb 2 mlrd AQSH dollariga yetgani ta’kidlandi. Bu YeTTB tomonidan O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim va strategik hamkor davlat sifatida qaralayotganining yaqqol tasdig‘i ekani qayd etildi.
Tomonlar energetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati, mavjud masalalarni tezkor hal etish mexanizmlari hamda har bir loyihada mahalliy kontent ulushini oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish hamda kompressor stansiyalarini elektrlashtirishga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha keyingi qadamlar yuzasidan kelishuvga erishildi.