O‘zbekiston va TDT o‘rtasida agrar hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi
O‘zbekiston va TDT o‘rtasida agrar hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiy davlatlar tashkiloti – TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi ijrochi direktori, Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti Kuzatuv kengashi raisi Balaj Xendrik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida agrar ilm-fan va innovatsiyalar almashinuvini kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida sohaning barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Balaj Xendrik Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan “Suv resurslari, energetika va oziq-ovqat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik: iqlim o‘zgarishiga bardoshlilik va qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar” mavzusidagi panel sessiyasida ma’ruzachi sifatida ishtirok etgan edi.
Uchrashuv chog‘ida Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi platformasi orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni O‘zbekistonda tatbiq etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar zamonaviy agrotexnologiyalar, suv resurslarini samarali boshqarish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va amaliy natijalarga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.