O'zbekiston va DFC investitsiyalarni kengaytirishni muhokama qilishdi
O'zbekiston va DFC investitsiyalarni kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, ikki mamlakat Prezidentlari darajasidagi faol siyosiy muloqot va o‘zaro ishonchga asoslangan aloqalar O‘zbekiston — AQSh munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Muloqot davomida DFC O‘zbekistonda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish hamda strategik investitsiyalarni jalb etishda muhim hamkor sifatida qayd etildi.
Tomonlar transport-logistika, avtomobil va temir yo‘l infratuzilmasi, mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, telekommunikatsiya sohasi, raqamli infratuzilma, sun’iy intellekt texnologiyalari va ma’lumot markazlari bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlariga investitsiyalarni jalb qilish, xususiy kapital ishtirokini kengaytirish va yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda DFC bilan amaliy hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorlik bildirildi.
Yakunda tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va hamkorlikning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.