O‘zbekiston U-17 terma jamoasi jahon chempionatiga chiqdi

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi jahon chempionatiga chiqdi

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi jahon chempionatiga chiqdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Saudiya Arabistonida o‘tayotgan Osiyo kubogida O‘zbekistonning 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi muddatidan oldin chorak finalga yo‘l oldi va noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati ishtirokini taʼminladi.

D guruhidagi dastlabki uchrashuvda O‘zbekiston jamoasi Hindiston termasini ishonchli tarzda 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Hisob 32-daqiqada ochildi. Laziz Abduraimov penaltidan aniq zarba yo‘llab, jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda O‘zbekistonning ustunligi hindistonlik himoyachi Vangxema Denni Singhning avtogolidan keyin yana-da oshdi. U burchak to‘pidan uzatilgan to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Uchinchi gol muallifi Axrorbek Ravshanbekov bo‘ldi.

Bundan avval Avstraliya terma jamoasi Hindiston ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Shu tariqa, O‘zbekiston va Avstraliya jamoalari muddatidan oldin musobaqa chorak finaliga chiqish hamda U-17 jahon chempionati yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishdi.

13 may kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Avstraliya o‘rtasidagi o‘zaro bahs D guruhi g‘olibini aniqlab beradi.

Dastlab ushbu guruhda KXDR terma jamoasi ham ishtirok etishi kerak edi, ammo jamoa musobaqa boshlanishidan avval turnirni tark etgan.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling