O'zbekiston Riga portida omborxona markazini ochdi
O'zbekiston Riga portida omborxona markazini ochdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Riganing port hududida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hamda mamlakatimizning Latviyadagi elchixonasi ko‘magida yangi logistika va omborxona majmuasi ish boshladi.
Ushbu majmua zamonaviy saqlash, qayta ishlash va markirovka qilish quvvatlari, shuningdek, maxsus ko‘rgazma zallari (shourumlar) bilan jihozlangan.
Mazkur obyekt O‘zbekiston mahsulotlarini Boltiqbo‘yi davlatlari hamda butun Yevropa bozorlariga yetkazib beruvchi hududiy xab bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi majmuaning ochilish marosimi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, logistika kompaniyalari va 20 ga yaqin mahalliy eksportyorlar ishtirokida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, Riga markaziy bozorida O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Uzbek Bazar” brendi ostida dokon o‘z faoliyatini boshladi.
Ushbu infratuzilmaning yaratilishi mamlakatimiz eksport hajmini oshirish, uning yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Yevropa Ittifoqi bozoridagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi.