O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasiga italiyalik fizioterapevt qo‘shildi
O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasiga italiyalik fizioterapevt qo‘shildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi murabbiylar shtabiga fizioterapiya va reabilitatsiya bo‘yicha italiyalik mutaxassis Aldo Espozito qo‘shildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar qildi.
U jamoada futbolchilarni tiklash, jarohatlarning oldini olish va reabilitatsiya jarayonlarini kuzatib borish uchun masʼul bo‘ladi.
Espozito professional futbolda ko‘p yillik ish tajribasiga ega. U turli yillarda Italiyaning “Kalyari” va “Yuventus” klublari tibbiy shtablarida faoliyat yuritgan, shuningdek, Italiya milliy terma jamoasida ham ishlagan.
Mutaxassis faoliyati davomida beshta jahon chempionati va beshta Yevropa chempionatida ishtirok etgan. Italiya terma jamoasi tarkibida u 2006 yilgi jahon chempioni bo‘lgan.
Bundan tashqari, Espozito FIFA klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va UYEFA Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan jamoalarda ham faoliyat olib borgan.
Italiyalik mutaxassisning tayinlanishi O‘zbekiston milliy terma jamoasida tibbiy va tiklanish yo‘nalishini kuchaytirish doirasida amalga oshirildi.