O‘zbekiston grek-rim kurashi terma jamoasi U15 Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldi
O‘zbekiston grek-rim kurashi terma jamoasi U15 Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tailandning Pattayya shahrida 15 yoshgacha va 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida sport kurashi bo‘yicha Osiyo chempionati rasman boshlandi.
Qitʼa birinchiligida medallar uchun kurashni birinchi bo‘lib kichik yosh toifasidagi (U15) grek-rim kurashi bo‘yicha terma jamoalar vakillari yakunladi.
Musobaqadan so‘ng, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ajoyib natija ko‘rsatib, turli nomdagi jami sakkizta medalni qo‘lga kiritdi va umumiy jamoaviy hisobda ishonchli tarzda birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga uchta oltin medal yozildi. Abubakr Qurbonov 38 kilogrammgacha, Mahmudjon Axmedov 41 kilogrammgacha va Bobur Sayfulloyev 44 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifalarida chempionlikni qo‘lga kiritib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
68 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan Ruslan Ovezmuratov esa keskin va murosasiz kurashlar natijasida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik polvon chempionatning bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Pattayyada Mirislom G‘ofurov 48 kilogrammgacha, Abdulaziz Xotamov 52 kilogrammgacha, Behruz Abdupattoyev 62 kilogrammgacha va Temur Uralov 85 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifalarida uchinchi o‘rinni egalladi.
Tailanddagi musobaqa boshqa yosh va kurash yo‘nalishlari bo‘yicha bahslar bilan davom etmoqda.