O‘zbekiston erkaklar boks terma jamoasi Xitoyda bo‘lib o‘tgan Jahon kubogida eng yaxshi natijani qayd etdi
O‘zbekiston erkaklar boks terma jamoasi Xitoyda bo‘lib o‘tgan Jahon kubogida eng yaxshi natijani qayd etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Guyyan shahrida boks bo‘yicha nufuzli Jahon kubogi musobaqalari yakunlandi. Turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi yuqori tayyorgarlik darajasini namoyish etib, jami 12 ta turli darajadagi medalni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi jahon boksidagi yetakchilik maqomini yana bir bor tasdiqladi. Jamoa yakuniy reytingda birinchi o‘rinni egallab, uchta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Erkaklar reytingida ikkinchi o‘rinni uchta oltin va uchta bronza medali bilan Qozog‘iston terma jamoasi egalladi. Fransiya terma jamoasi esa kuchli uchlikka yakun yasadi.
Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi natijalarni qamrab olgan umumjamoa hisobida mezbonlar — Xitoy terma jamoasi beshta oltin, bitta kumush va uchta bronza medali bilan birinchi o‘rinni band qildi.
Ikkinchi o‘rin beshta oltin va uchta bronza medali jamg‘argan Qozog‘iston terma jamoasiga nasib etdi. O‘zbekiston terma jamoasi esa to‘rtta oltin, uchta kumush va to‘rtta bronza medali bilan dunyoning eng kuchli uch jamoasi qatoriga kirdi.
Jahon kubogining oltin medallarini Abdumalik Xalokov (60 kg gacha), Turabek Xabibullayev (90 kg gacha), Javohir Ummataliyev (80 kg gacha) va Nigina Uktamova (57 kg gacha) qo‘lga kiritdi.
Kumush medallarga Asilbek Jalilov (50 kg gacha), Farzona Fozilova (48 kg gacha) hamda Oltinoy Sotimboyeva (80 kgdan yuqori) sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning bronza sovrindorlari sifatida Akmaljon Isroilov (85 kg gacha), Arman Maxanov (90 kgdan yuqori), Sitora Turdibekova (60 kg gacha) va Aziza Zokirova (75 kg gacha) qayd etildi.