O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi 30 yoshdan kichik
O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi 30 yoshdan kichik
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston aholisining yarmidan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi. Bu haqda aholini ro‘yxatga olish materiallarini qayta ishlash yakunlari bo‘yicha tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki maʼlumotlarida qayd etilgan.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, respublika aholisining umumiy soni 39 million nafar deb baholanmoqda. Shundan 38,5 foizi yoki taxminan 15 million nafari 20 yoshga to‘lmagan.
14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ulushi aholining 30,5 foizini tashkil etib, bu 11,9 million nafarga teng. Umuman olganda, 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar soni 20,3 million nafarga yetgan bo‘lib, mamlakat aholisining 52 foizini tashkil qiladi.
Milliy statistika qo‘mitasi, shuningdek, 40–44 yosh toifasida erkaklar va ayollar soni deyarli teng ekanini maʼlum qildi. Yoshroq toifalarda erkaklar ustunlik qilsa, katta yoshdagi aholi orasida ayollar ko‘proqni tashkil etadi.
Idorada taʼkidlanishicha, eʼlon qilingan ko‘rsatkichlar dastlabki hisoblanadi va aholini ro‘yxatga olish materiallarini to‘liq qayta ishlash yakunlanganidan keyin aniqlashtirilishi mumkin.