O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Mehnat kodeksiga o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi

UzDaily tahririyati · 03.07.2026 · 10:55 · 25 views
Mehnat kodeksiga o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi

Mehnat kodeksiga o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Bir guruh deputatlarning qonunchilik tashabbusi bilan kiritilgan — “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining ustuvorligi, barchaning qonun oldida tengligi hamda har qanday kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari mustahkamlangani bu boradagi islohotlarning huquqiy asosini yanada kuchaytirdi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining 111-sonli Konvensiyasi normalarini milliy qonunchilikka izchil joriy etishga qaratilgan. Unga ko‘ra, Mehnat kodeksida mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish belgilari qatori “terisining rangi” va “siyosiy qarashlar” tushunchalari bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, mehnat munosabatlarida inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ish joylarida shahvoniy shilqimlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Mehnat kodeksini mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘ymaslikka oid yangi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning mehnat huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish, xalqaro mehnat standartlariga sodiqlikni amalda namoyon etish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.