Sanoat va yadro xavfsizligi to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Sanoat va yadro xavfsizligi to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi qonun hujjatlariga sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish, ushbu sohalardagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga sanoat xavfsizligi talablarini buzganlik badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga, odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan taqdirda, buning uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar kiritilyapti. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda esa atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni buzish uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shu bilan birga, bir qator qonunlarda tegishli sohalardagi organlarning vakolatlari, huquqiy maqomi aniqlashtirilib, o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun loyihasida atom energiyasidan foydalanish, radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq qoidalarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash mezanizmi ham nazarda tutilyapti. Bu esa sohada faoliyat ko‘rsatuvchi sub’ektlarning mas’uliyatini oshirish, ular tomonidan xavfsizlik talablariga rioya etilishini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratini e’tiborga olib, undagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi. Shuningdek, loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi.
Bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.